Kecha Shavkat Mirziyoyev raisligida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalar hududlar taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Eng avvalo, aholini ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan aniq maqsadlarning belgilab berilgani bu boradagi ishlar tizimli va manzilli yo‘lga qo‘yilayotganidan dalolat beradi. Xususan, 100 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlash va 31 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi har bir rahbar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Mahallalar kesimida sun’iy intellekt asosida tahlillar o‘tkazib, har bir hudud uchun alohida rivojlanish modelini joriy etish tashabbusi bugungi zamonaviy boshqaruvning mutlaqo yangi yondashuvidir. Bu esa resurslardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va byudjet tushumlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Samarqand viloyatiga ajratilayotgan ulkan moliyaviy resurslar — 11 trillion so‘m hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 18 trillion so‘m kredit mablag‘lari hudud iqtisodiyotini jadal rivojlantirish, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlashda mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, sanoatni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, turizm sohasini kengaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar Samarqand viloyatining mavjud salohiyatini to‘liq ishga solishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, turizmni rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar — “ochiq turizm mavsumi”ni e’lon qilish, xorijiy sayyohlar va blogerlarni jalb etish mexanizmlari Samarqandni jahon miqyosida yanada jozibador va xavfsiz turistik yo‘nalish sifatida namoyon etadi.
Men, xalq vakili sifatida, ushbu qaror va vazifalarning joylarda to‘liq va samarali ijrosini ta’minlash, aholining daromadlarini oshirish hamda ularning hayot sifatini yaxshilash yo‘lida faol ishtirok etaman.
Bu tashabbus va islohotlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevorini yanada kuchaytiradi.
Savriniso Narzullayeva,
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati.
Copyright © 2026. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.