
Kechqurun quyosh ufq ortiga cho‘kib, osmon qizildan to‘q binafsha rangga o‘tayotgan pallada ovchi o‘rmon tomon yo‘l oldi.
Kun bo‘yi esgan shabada tinib, archazor ichida mayin bir sokinlik hukm surayotgan, go‘yo butun tabiat uxlab qolgandek edi. O‘rmon hidining o‘tkirligi esa kechki salqin bilan yanada sezilarli bo‘lib, ovchining dimog‘iga huzur bag‘ishlardi.
Ovchi bir oz yurdi, to‘xtadi, atrofga quloq soldi. O‘rmonda odatda kechga yaqin qushlar chug‘ur-chug‘uri eshitilardi, biroq bugun noodatiy sokinlik hukmron bo‘lib, tinchlikni g‘alati bir shovqin buzayotgandek edi. O‘sha tovush archalarning orasidan kelardi. Ovchi ovoz chiqayotgan tomonga e’tibor qaratdi: archalardan birining tagidagi qalin butalar orasidan kelardi bu ovoz.
“Bu nimaning ovozi ekan?” — o‘yladi ovchi. Bo‘rimikan, balki biror yarador hayvondir. Ovga arzirmikan. Shularni o‘ylab, sekin yurib, ovoz kelayotgan tomonga yaqinlashdi. Qadamlarini iloji boricha sekin bosdi — o‘rmonning sirli sukunatiga xalaqit bermaslikka harakat qildi.
Yaqinlashganda butalar orasida nimadir qimirlagandek bo‘ldi. Ovchi yelkasidagi miltig‘ini mahkamroq ushlab, pastga egildi, archaning xamaygan shoxini ko‘tarib, ehtiyotkorlik bilan butalar orasiga ko‘z tikdi. Shunda ko‘rgan narsasidan ajablanib, joyida tik qotdi. Bular itning yosh ikkita bolasi bo‘lib, bir-biriga suykalgancha shunchalar beozor o‘ynashardiki, butun dunyoni unutib qo‘yishganini ustlarida ovchi turganini payqamaganidan ham bilsa bo‘lardi. Bu oddiy o‘yin emas, katta kuchuklarning o‘zaro olishuviga o‘xshash manzara bo‘lib, farqi bir-birining qulog‘ini yoki bo‘ynini tishlagandek bo‘lishsada, aslida ular bu harakatlarni nomigagina, bir-biriga ozor bermay amalga oshirayotgani ko‘rinib turardi. Quloqqa chalingan shovqin ham ularning irg‘ishlashidan atrofga taralgan sas ekani ma’lum edi.
Ovchi beixtiyor boshini sarak-sarak qilib qo‘ydi.
“Ha, bolalik, yoshlik hazillari shunaqa beozor va beg‘araz bo‘ladi” — o‘zicha o‘ylab, kulib qo‘ydi u. “O‘rmonda boshqa jonzodlar ham borligini unutib, archazorning tinch joyini topib olishadi-yu… hayoni esa esdan chiqarishadi.”
Shu payt archaning shoxiga kelib qo‘ngan qarg‘a qiyqirdi. Uning ovozi o‘rmon sukunatini buzib, atrofga taqaldi.
“Qah-qah-qah! Ey ovchi, ularni koyish oson! Lekin sen ham yoshlik chog‘ingda shunaqa pinhona joylarni izlab yurmaganmiding?” — qarg‘a kinoyali ohangda ovchiga gap qotdi.
Ovchi qarg‘aga tikildi:
"Ha mayli, yoshlikda hamma narsa bo‘ladi, lekin baribir joyini bilish yaxshi-da. Axir o‘rmon — hammaning maskani. Hayoni unutmaslik kerak".
Qarg‘a ensasi qotganidek, boshini orqaga tashlab yana qiyqirdi:
Shuni bilginki ovchi, hayoniyam, odobniyam hech kim boshqalarga qarab o‘rganmaydi. Har kim avval o‘zini tuzatmasa, boshqalarning xatosiga salavot aytish bilan o‘rmonning tartibi tiklanmaydi! Qaerda ko‘rmasang — o‘sha joyda ogohlik bilan o‘tib ket. Nasihat berishdan oldin o‘zing qiladigan ishni o‘yla!
Bu gaplar ovchiga biroz qattiqroq botdi, ammo haqiqat edi. Bir lahza u chuqur o‘yga botdi. So‘ng o‘zicha pichirladi:
“To‘g‘ri-da… O‘rmonning giyohidan tortib daraxtigacha ibrat bor.”
Shunda butalar orasidagi ikki it ovchini sezib, sergak tortishdi. Biroq ular uyatdanmi, xavotirdanmi — bilish qiyin, boshlarini xam qilishib, ovchiga mo‘ltillab boqishardi. Ovchi ularga ziyon yetkazmasligini bildirgandek, qo‘lini ko‘tardi, sekin orqaga chekindi-da, yo‘lini davom ettirdi. Archazor yana sokin bo‘lib qoldi — go‘yo hech narsa bo‘lmagandek.
Ovchi o‘rmonga chuqurroq kirar ekan, o‘zicha shunday xulosa chiqardi:
“Har kimni o‘zining tabiati, o‘z odobi bor. Ammo joyni bilish, hayoni unutmaslik, boshqalarga hurmat bilan qarash kerak O‘rmonning o‘z qonuni bo‘lgani kabi, odamiylikning mezoni borligini unutmaslik kerak.
Copyright © 2025. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.