Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
– Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq, – dedi Prezident so‘zining boshida. – Shu bois yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur.
Ijtimoiy sohalardagi barcha sa’y-harakatlar ana shu maqsadlarga qaratilgan. Oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgan. Bu yil 60 trillion so‘m ajratilgan. Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rin yaratildi.
- Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olayapti.
- Yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, to‘g‘ri tarbiyalash, zararli ta’sirlardan asrash ham dolzarb masalalardan.
Yig‘ilishda sohadagi har bir yo‘nalish atroflicha tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi. Maktab ta’limini yangi bosqichga ko‘taradigan tashabbuslar ilgari surildi.
Avvalo, pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga e’tibor qaratildi. Bu borada Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti va uning 13 ta hududiy markazi qayta tashkil etildi. Nizomiy nomidagi oliygoh Milliy pedagogika universitetiga aylantirilib, uning rektori bir vaqtning o‘zida kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazir o‘rinbosari bo‘ldi. Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil qilindi.
Endi bu imkoniyatlar asosida barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan o‘zgartiriladi. Masalan, Termiz pedagogika instituti misolida aytganda, hozirgi fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinadi.
Savriniso NARZULLAYEVA,
Xalq deputatlari Samarqand tuman Kengashi deputati.
Copyright © 2025. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.