Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
www.gulobodtongi.uz

 
 

HURMATLI YURTDOSHLAR, AZIZ MAHALLADOSHLAR!

Obod hayot tushunchasi xalqimiz ongida azaldan farovonlik, to‘kinchilik va qut-baraka bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib kelgan.

Obodlik nafaqat tashqi muhitda, balki inson qalbi va ko‘ngil pokligida ham namoyon bo‘ladi. Inson o‘z uyi, ko‘chasi va mahallasini obod qilsa, jamiyat ham yanada farovon va barqaror bo‘ladi.
Bugungi kunda yurtimiz tinch va osoyishta. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli shahar va qishloqlarimiz tobora obod bo‘lib, odamlarning hayot sifati yaxshilanib bormoqda.
Shu bois joriy yil fevral–mart oylari mamlakatimizda “Tozalik va ozodalik” oyligi deb e’lon qilindi. Bu doirada har hafta ommaviy hasharlar o‘tkazilmoqda. Xususan, 13–14 mart kunlari “Yurt obodligi, avvalo mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari tashkil etiladi.
Hashar davomida mahallalarda ko‘chalar va hovlilar tozalanadi, ariq va lotoklar tartibga keltiriladi, qabristonlar obodonlashtiriladi, daraxtlar oqlanib, yangi ko‘chatlar ekiladi. “Yashil makon” loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxtlar ekish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish, ehtiyojmandlar holidan xabar olish kabi xayriya ishlari ham tashkil etiladi.
Mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar yetakchilari hamda “mahalla yettiligi” vakillari bu jarayonda aholini birlashtirib, obodlik ishlariga safarbar etishlari muhimdir. Chunki obod mahalla — obod jamiyatning poydevoridir.
Aziz yurtdoshlar!
Har birimiz o‘z uyimiz, ko‘chamiz va mahallamiz obodligiga hissa qo‘shsak, yurtimiz yanada go‘zal va farovon maskanga aylanadi. Hamjihat bo‘lib mehnat qilsak, hech bir ish og‘irlik qilmaydi.
Obodlik ko‘ngildan boshlanadi. Keling, poklik, mehr-oqibat va birdamlikni hayotimiz mezoniga aylantirib, muborak Ramazon oyini va Navro‘z bayramini munosib kutib olaylik.

Abdujabbor Umarov Djalolovich
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi
Samarqand viloyati Samarqand tumani bo‘limi boshlig‘i


Последнее редактирование: 12/03/2026 14:56;   Просмотров: 31
 
Для чтения текста нажмите эту кнопку