Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
www.gulobodtongi.uz

 
 

JADIDCHILIK - MILLIY O‘ZLIKNI ANGLASH HARAKATIDIR

Hamma davr va zamonlarda ham jamiyat uchun taraqqiyot, rivojlanish oson kechmagan. Ko‘pgina mamlakatlar tashqi kuchlar ta’siri ostida, turli inqirozlarni, ma’lum bir sinovlarni boshdan o‘tkazgan.

XIX asr oxiri XX asrning boshlarida siyosiy, madaniy, iqtisodiy jihatdan inqiroz holatiga tushib qolgan mustamlaka tufayli rivojlanish past darajada bo‘lgan o‘lkada Turkiston ziyolilari ham chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmidan qutulish, o‘z milliy davlatchiligini tuzish, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotga yo‘l ochish, xalqqa ziyo tarqatish choralarini ko‘rdi. Bu borada jadidchilik harakati katta rol o‘ynadi.
Jadidchilik rus mustamlakachiligiga qarshi milliy demokratik harakat bo‘lib, u o‘sha davr Turkistondagi qoloq iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sharoitda yashayotgan xalqlarni ma’rifatlashtirish, jamiyat hayotida ijtimoiy va madaniy islohotlar o‘tkazish, pirovardida milliy mustaqillik g‘oyalarini hayotga tadbiq etish maqsadini o‘z oldiga qo‘ygan edi.
Jadidchilik Rossiyaga qaram bo‘lgan musulmon xalqlari orasida dastlab Qrimda XIX asrning 80-yillarida paydo bo‘ldi. Uning asoschisi diniy-dunyoviy ilmlarni chuqur egallagan Ismoilbek Gasprali (1851-1914) bo‘ldi. Ismoilbek 1884 yilda jadid maktabi tashkil etib, 40 kunda 12 bolaning savodini chiqaradi. Uning o‘qitish usuli «usuli savtiya», ya’ni «yangi usul» nomi bilan shuhrat qozondi. «Jadid» arab-cha so‘z bo‘lib, «yangi» degan ma’noni bildiradi. Ismoilbek g‘oyalarini qabul qilgan yangilik tarafdorlari «jadidlar», uning g‘oyalari esa «jadidchilik» nomini oldi. Ismoilbek Gasprali darslik yaratadi, o‘zining «Tarjimon» (1883-1914) gazetasini tashkil etib, jadidchilikni turkiy xalqlar orasida keng targ‘ib qiladi. Bu gazeta Toshkent va boshqa shaharlarga ham tez yoyiladi.
Ismoilbek Gasprali 1893 yilda Toshkent, Samarqand va Buxoroda bo‘ldi. Buxoroda amir Abdulahadni jadid maktabi ochishga ko‘ndiradi. Bu maktabga «Muzaffariya» nomi beriladi. 1898 yilda To‘qmoqda (Qirg‘iziston) ham shunday maktab ochildi. 1899 yilda Andijonda Shamsuddin domla, 1901 yilda Qo‘qonda Salohiddin domla, Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov va Samarqandda Abduqodir Shakuriylar birinchi bo‘lib jadid maktablarini ochadilar. Jadidchilik harakatining yirik namoyandalari jadid maktablari uchun darsliklar ham yaratganlar. Hususan, Saidrasul Aziziyning «Ustozi avval» (1903), Munavvarqorining «Adibi avval» (1907), Abdulla Avloniyning «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» (1912) darsliklari alohida e’tiborga molikdir.
Jadidlarning xalq ma’rifati uchun kurash dasturi uch asosiy yo‘nalishdan iborat bo‘lgan:
-Yangi usul maktablari tarmog‘ini kengaytirish.
-Umidli, iqtidorli yoshlarni chet elga o‘qishga yuborish.
-Turli ma’rifiy jamiyatlar tuzish hamda ziyolilarning kuchli firqasini tashkil etishga qaratilgan gazetalarni chop etish.
Shu dasturni amalga oshirish borasida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho‘lpon va boshqa ziyolilar jonbozlik ko‘rsatishdi. Yangicha o‘qitish musulmon bolalariga qisqa vaqt ichida dunyoviy, diniy ta’lim berish dasturi asosida olib borildi. Bu dasturga ko‘ra maktablarda o‘qitish tizimi ikki bosqichdan iborat bo‘lgan. Birinchi bosqich ibtidoiy qism deb atalib, uning tahsil muddati 4 yil bo‘lgan. Birinchi bosqichni tugatgan shogird eski maktabda 10 yil o‘qigandan ko‘ra yaxshiroq savod chiqargan. Ikkinchi bosqichni muvaffaqiyatli tugatgan shogird arabcha, forscha, turkiy tilda bemalol so‘zlashib, ruschada erkin gaplasha olar edilar.
Jadidlarning xalqaro aloqalari juda keng qamrovli bo‘lgan. Ular Rossiya, Turkiya, Misr va boshqa mamlakatlardagi jadidchilik oqimlari dasturlaridan xabardor bo‘lganlar, o‘zaro safarlar, muloqotlar orqali tajriba almashganlar. 1905-1906 yilgi Rossiyadagi inqilobiy harakatlar Turkistonga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Faol kuchlar jipslasha boshladilar va jadidlar ma’rifatchilik faoliyatini jadallashtirdilar. Bu faqatgina maktablarda emas, balki jonli matbuotchilik faoliyati, jumladan, ro‘znomalarning ko‘plab vujudga kelishida ham ko‘rindi. Chunonchi, 1906 yilda Ismoil Obidovning muharrirligida «Taraqqiy», shu yili Munavvarqori muharrirligida «Xurshid», 1907-1908 yillarda Abdulla Avloniy muharrirligida «Shuhrat», Ahmadjon Bektemirov muharrirligida «Osiyo» ro‘znomalari chop etildi.
Ma’rifatchilikning yangi to‘lqinida 1913-1915 yillarda «Samarqand», «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg‘ona», «Buxoroi sharif», «Turon», 1917 yilda esa «El bayrog‘i», «Kengash», «Hurriyat», «Ulug‘ Turkiston» gazetalari, «Oyina» jurnali kabi ommaviy axborot vositalari ham paydo bo‘ldi.
Sovet davrida jadidlardan chiqqan milliy ziyolilar sovet organlarida faoliyat ko‘rsatdilar va o‘z faoliyatlari bilan xalq ta’limi san’atini rivojlantirishga ma’rifiy ishlarni taraqqiy ettirishga harakat qildilar. Jadidlarning ayrim qismi mustabid tuzumning siyosatiga ko‘nikmay xorijga o‘tib ketdilar, muayyan qismi esa istiqlolchilar harakatiga qo‘shilib ketdilar. Istiqlolchilik harakatiga g‘oyaviy rahnamolik qilish, ayniqsa, sovet organlarida ishlab, milliy mustaqillik g‘oyalarini targ‘ib qilishdagi sa’y-harakatlari jadidlarning sovetlar tomonidan 1929, 1937-1938 yillarda ommaviy qirg‘in qilinishiga olib keldi.
Buxoro amirligi va Xiva xonligida jadidchilik harakati Turkistondagi kabi XIX asr oxiri-XX asr boshlarida shakllangan bo‘lsa ham bu hududlardagi tarixiy sharoit undagi jadidchilik harakatiga ham o‘ziga xos xususiyatlar baxsh etdi. Buxoro va Xiva jadidlari dastlab amir va xon hukmronligini cheklash, mavjud tuzum sharoitida islohotlar o‘tkazib, jamiyat taraqqiyoti va milliy mustaqillikni qo‘lga kiritishni maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsalar, keyinchalik xon va amir yakka hukmronligi har qanday taraqqiyotga to‘siq ekanligini tushunib yetdilar. Chunki 1917 yilda Xivada Asfandiyorxon ruxsati bilan tuzilgan yosh xivaliklardan iborat majlis va nozirlar kengashi, ularning taqiqlanishi va Junaidxon davridagi yosh xivaliklarning qattiq ta’qib qilinishi; Buxoro amiri Said Olimxonning o‘zi qabul qilgan islohotlar o‘tkazish haqidagi farmonini bekor qilishi va 1918-1920 yillarda yosh buxoroliklarning quvg‘inga uchrashi shunga olib kelgan.
Buxoro va Xorazm Xalq Respublikalarida jadidlar hukumat organlarida rahbar lavozimlarida ishlab mamlakatni taraqqiy qildirish va mustaqillikni saqlab qolishga intildilar (1920-1924). Biroq sovet rejimi avval Buxoro va Xorazm davlatlari mavjudligiga chek quygan bo‘lsa, keyinchalik barcha jadid namoyondalarini jismonan mahv qildi.
Umuman olganda, XX asr boshida yuzaga kelgan jadidchilik harakati Turkiston xalqlarining milliy ozodlik, mustaqillik uchun dastlab chor Rossiyasi, so‘ngra sovet mustamlakachiligiga qarshi kurashda alohida o‘rin tutganligi bilan ham biz uchun nihoyatda ahamiyatlidir.
Sarviniso Narzullayeva,
Xalq deputatlari Samarqand
tuman Kengashi deputati

Дата добавления: 18/01/2025 14:07;   Просмотров: 131
 
Для чтения текста нажмите эту кнопку